Autizm nima?

Autizm – bosh miya nerv sistemasi rivojlanishining buzilishi hisoblanadi. U bolaning atrof-muhit bilan muloqotida turli xildagi qiyinchiliklarda namoyon bo‘ladi.

Ushbu holat ko‘pincha 3-4 yoshda aniqlanadi, chunki bu paytga kelib alomatlar aniq namoyon bo‘ladi va ota-onalar farzandida nimadir noto‘g‘ri ketayotganini seza boshlaydilar. Erta yoshda aniq tashxis qo‘yish mushkul, ammo ota-onalar dastlabki belgilarni hatto bir yoshli chaqaloqda ham sezishlari mumkin. Ammo koʻplab hollarda bu bolaning xarakteriga xos xususiyatlar deb hisoblanadi.

Autizm, tibbiy adabiyotda koʻpincha autistik spektr buzilishi (ASB) deb ataladigan holat, soʻnggi paytlarda 5-10 yil oldingiga qaraganda koʻproq aniqlanmoqda. Buning asosiy sababi – tekshiruv mezonlarining yangilanishi, yanada chuqurroq va batafsil diagnostika olib borilishi, shuningdek, barcha mamlakatlar tomonidan muammoni hal qilishga boʻlgan qiziqishning ortishi.

Ba’zi bolalar atrofdagi dunyo bilan umuman aloqa o‘rnatish qobiliyatiga ega bo‘lmay, faqat ota-onalarini qabul qiladi. Ba’zilarida esa tuzatish mumkin bo‘lgan kichik og‘ishlar kuzatiladi. Ayrim hollarda xatti-harakatlardagi g‘alatiliklar deyarli sezilmaydi va ularni faqat odam bilan yaqin muloqotda aniqlash mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, autizm asosan bolalardagi buzilish bo‘lsa-da, yosh o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi. Shu sababli davolanish qanchalik erta boshlansa, inson kelajakda atrofdagi dunyo bilan o‘zaro munosabat o‘rnatishi shunchalik oson bo‘ladi.

Asosiy sabablar va uni keltirib chiqaruvchi omillar

Autizmning aniq kelib chiqish sabablari hozircha noma’lum. Biroq olimlar buzilish genetik o‘zgarishlar, homilaning ona qornida rivojlanish davrida shikastlanishi tufayli rivojlanishi mumkin deb taxmin qilishadi. Shuningdek, uningavloddan avlodga o‘tishi ehtimolini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan genni aniqlash bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu genning mavjudligi ASB (autistik spektr buzilishi) rivojlanish ehtimolliligini sezilarli darajada oshiradi, ayniqsa oilada epilepsiya, duduqlanish, nutq buzilishi, aqliy zaiflik kabi psixonevrologik kasalliklar kuzatilgan bo‘lsa.

ASB paydo bo‘lishining boshqa ehtimoliy sabablariga quyidagilar kiradi:

• Homilaning ona qornida rivojlanish davrida salbiy omillarning ta’siri natijasida yuzaga keladigan miya tuzilishining buzilishi;

• Miyaning funksional buzilishlari. Bu xotiraning yomonlashuvi, turli xil nutq buzilishlari, diqqatning sust jamlanishi bilan namoyon bo‘ladi;

• Biokimyoviy buzilishlar – autizm bilan og‘rigan bolalarda serotonin darajasi yuqori bo‘lishi, glyuten va boshqa oqsillarni o‘zlashtira olmasligi yoki bu jarayonning juda cheklanganligi isbotlangan.

Zamonaviy tibbiyot autizmning rivojlanishiga olib keladigan omillarga homilaning gipoksiyasi, og‘ir va uzoq muddatli tug‘ruqlar, bachadon ichi infeksiyalari, homiladorlik paytida shifokor ko‘rsatmasidan tashqari boʻlgan dori-darmonlarni qabul qilish, onaning ruhiy kasalliklari, giyohvandlik yoki alkogolizmni kiritadi.

Chaqaloqlar va bir yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash autizmga olib kelishi mumkin, degan fikr ham mavjud. Bunday nazariya o‘tgan asrning oxiriga kelibkeng tarqalgan edi, ammo ko‘plab tadqiqotlar emlash va ASB o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini ko‘rsatdi.

Autizm belgilari

ASB – rivojlanish xususiyatlari turlicha boʻlgan shaxslar uchun aniq belgilangan alomatlarga ega emas. Har bir alohida holatda bu buzilishningnamoyon bo‘lishi individual bo‘ladi, lekin umumiy holda ular muammo haqida to‘liq tasavvur hosil qilish va aniq tashxis qo‘yish imkonini beradi.

Rivojlanish buzilishning chaqaloqlik davridayoq sezilishi mumkin bo‘lgan eng dastlabki belgilari quyidagilar:

• Taktil aloqalardan qochish. Chaqaloq uni qo‘lga olishlarini yoki hatto teginishlarini yoqtirmaydi, kattalarning qo‘lidan chiqib ketishga intiladi, yuzini o‘giradi, egiladi, yig‘laydi. Uni yana yotqizib qo‘yishsa yoki beshikka belab qoʻyishsa, tinchlanadi;

• Kattalar, jumladan ota-onalar bilan muloqotga mutlaqo qiziqishning yo‘qligi, ularga murojaat qilishga befarqlik, e’tiborsizlik, yangi narsalarni o‘rganishga intilmaslik;

• Har qanday baland tovushlarga keskin munosabat;

• Ota-onasi uni ovuntirmoqchi bo‘lgan o‘yinchoqlarga befarqlik, ota yoki onasi bilan o‘ynashni xohlamaslik.

• Shaqildoqlar, qo‘g‘irchoqlar, hayvon figuralariga e’tiborsizlik, yangiliklarga qiziqmaslik, hatto yaqin tanishlar bilan ham har qanday munosabatga kirishishni istamaslik.

Yoshi ulg‘aygan sari buzilishning alomatlarini eʼtiborsiz qoldirishqiyinlashadi. Odatda, ota-onalar bola 3-4 yoshga to‘lganida, ba’zan bundan sal kattaroq bo‘lganida shifokorga murojaat qilishadi, chunki ular bolaning oʻzini tutishi boshqa bolalarnikidan sezilarli darajada farq qilayotganini anglaydilar.

Ota-onalarning asosiy shikoyatlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

• Bola kattalar aytayotganini juda yaxshi tushunsa-da, javob berib gapirmasligi;

• Qoidalarga rioya qilishdan bosh tortish, masalan, o‘yinlarda, chunki qoidalarnima uchun kerakligini va nima uchun istalgancha o‘ynash mumkin emasligini tushunishmaydi;

• Bola hatto tanish odamlar bilan gaplashayotganda ham suhbatdoshining ko‘ziga qaramaslikka harakat qiladi;

• Kechalari tez-tez uyg‘onishga olib keladigan bexalovat uyqu;

• Boshqalar tomonidan aytilgan so‘zlar yoki alohida tovushlarni takrorlash, ularni ko‘p marta qaytarish;

• Boshqa odamlarning his-tuyg‘ularini tushunmaslik;

• Hatto eng xavfli vaziyatlarda ham qo‘rquvning butunlay yo‘qligi;

• Ismi bilan chaqirishganda reaksiya qilmaslik;

• Kattalar bolaning odatiy muhitini o‘zgartirishga uringanida, bolada kuchli his-hayajon, jahl va urib yuborish holatlari kuzatilishi.

Autizm bilan kasallangan bolalar boshqa bolalar bilan muloqot qilmaslikka, ular bilan munosabatda bo‘lmaslikka, birga o‘ynamaslikka, gaplashmaslikka harakat qilishadi. Ularning o‘z o‘yinlari atrofdagilar uchun g‘alati va tushunarsiz bo‘lib tuyuladi.

Ko‘pincha ASBli bolalar aqliy zaiflikdan aziyat chekishadi. Ular she’r yoki qoidalarni o‘rgana olmaydilar, masala shartlarini tushuna olmaydilar, ta’lim olish ular uchun juda qiyin kechadi, bu ba’zan ota-onalardan katta kuch talab qiladi.

O‘qish bilan bog‘liq eng kichik muvaffaqiyatsizliklarda ham bola baqirishi, qochib ketishi, o‘ziga va yaqinlariga jismoniy zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, o‘smirlik yoshiga yetganda va gormonal o‘zgarishlar boshlanganida bolalarga qiyin bo‘ladi. Bunday paytda o‘smir o‘ziga butunlay bekilib oladi, yolg‘izlikni afzal ko‘radi, chunki u boshqalardan farq qilishini tushunadi va atrofdagi dunyodan hamda boshqa odamlardan yanada ko‘proq uzoqlashishga intiladi.

Autizm asoratlari

ASB bilan og‘rigan bolalarning eng ko‘p uchraydigan asoratlari bu ularning oʻzlariga yetkazadigan jarohatlar, shuningdek, atrofdagilarga nisbatantajovuzkorlik va xulq-atvorning buzilishi hisoblanadi. Bunday tashxis qo‘yilganko‘plab maktab o‘quvchilarida o‘qish bilan bog‘liq jiddiy muammolar, nutqningyengildan tortib og‘ir holatigacha, hatto to‘liq yo‘qligiga qadar bo‘lgan buzilishlarikuzatiladi. Ko‘pincha bunday bolalar maktabda ikkinchi yil oʻqishga qolishadiyoki ularga muqobil sifatida uyda ta’lim olish tavsiya etiladi.

ASB bilan og‘rigan ba’zi bemorlarda bolalikdanoq bezovtalik, tushkunlik, uyqu buzilishi, obsessiv-kompulsiv sindrom, tutqanoq xurujlari belgilari namoyon bo‘ladi. Kichkintoylar ovqatlanishda juda injiqligi bilan ajralib turadi, ota-onalarning fikricha foydali va mazali bo‘lsa ham ularga begona boʻlganmahsulotlar va taomlarni iste’mol qilmaydilar.

Tabiiyki, jamoaga kirganda bolalarda muloqotda ko‘plab muammolar yuzaga keladi. Ularni tushunishmaydi, ular bilan do‘stlashishni xohlashmaydi, ular hech qanday o‘yin yoki ko‘ngil ocharlarda ishtirok etmaydilar. Bunday bolalar faqat o‘zlari uchun odatiy bo‘lgan muhitda, masalan, uyda oʻzlarini xotirjam his qilishlari mumkin.

Autizm o‘z-o‘zidan o‘limga olib kelmaydi va davolab bo‘lmaydigan bo‘lsa-da, o‘limga sabab bo‘ladigan buzilish hisoblanmaydi.

Autizm diagnostikasi

Autizm diagnostikasi bilan pediatrlar, nevrologlar va psixiatrlar shug‘ullanadilar. Ko‘p hollarda ota-onalar shikoyatlar bilan pediatrga murojaat qilishadi, so‘ngra bu shifokor autizmd deb taxmin qilinganda bolani va ota-onani psixiatr va nevrologga batafsil tekshirishga yuboradi.

Ko‘pincha dastlabki bosqichda shifokorlar turli darajadagi ijtimoiy muloqot buzilishlarini, nutqning sezilar-sezilmas darajada buzilishidan to butunlay yo‘qligiga qadar, kattalarning e’tiborini jalb qilishdagi qiyinchiliklarni, bir xil stereotip o‘yinlar va kun davomidagi takroriy harakatlarni aniqlay oladilar.

Taxminan bir yoshda barcha holatlarning 50 foizida aniq tashxis qo‘yish mumkin. Bir yarim yoshga kelganda, bu ko‘rsatkich 80 foizgacha ko‘tariladi, ammo ota-onalarning shifokorga kechikib murojaat qilishlari tufayli buzilishko‘pincha 2-3 yoshda aniqlanadi.

Uy sharoitida bolaga aniq tashxis qo‘yish imkonsiz, biroq ota-onalar muammoni aniqlashga yordam beradigan yordamchi standart testlardan foydalanishlari va shundan so‘ng, albatta, shifokorga murojaat qilishlari mumkin. Bular ADOS, CARS, M-CHAT, ASSQ va AQ testlaridir. Ammo rivojlanishdagi buzilishni aniqlashning maxsus usullari mavjud emas va ko‘p hollarda tashxis ma’lum vaqt davomida bolaning xulq-atvorini kuzatish asosida qo‘yiladi.

Autizmni davolash

Hozirgi kunda autizm davolab bo‘lmaydigan buzilish hisoblanadi. Biroq ota-onalar patologiya erta aniqlanganda uni tuzatish mumkinligini bilishlari kerak va buning uchun har bir bola o‘ziga xos reabilitatsiya dasturini oladi. Shuni ham ta’kidlash joizki, bolaning atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini o‘zgartira oladigan va xulq-atvorini to‘g‘rilaydigan dori-darmonlar mavjud emas.

Korreksiyaning zamonaviy yondashuvlari orasida amalda samarali bo‘lgan quyidagi usullarni qayd etish mumkin:

• ABA-terapiya bolaning hayoti va xulq-atvoriga shu paytgacha mavjud bo‘lmagan ko‘nikmalarni singdirish imkonini beradi. Barcha topshiriqlar bloklarga bo‘lingan, pedagog bolaning uddalay oladigan narsalariga katta e’tibor qaratadi va u hali eplay olmaydigan jihatlarni mutlaqo e’tiborsiz qoldiradi.

• Denver modeli erta aralashuv orqali bolalarning xulq-atvorini va atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini o‘yin yordamida to‘g‘irlash imkonini beradi. Ushbu usul ilmiy jihatdan asoslangan va tasdiqlangan bo‘lib, ko‘pincha autizm spektri buzilishi (ASB) bo‘lgan bolalarda qo‘llaniladi.

• PECS muloqot tizimi nutqi yaxshi rivojlanmagan bolaga o‘z fikrlarini, o‘ylarini va kechinmalarini kattalar bilan bo‘lishish imkonini beradi. Ta’lim jarayonida bola boshqa odamlarga yaqinlashishdan, ulardan yordam so‘rashdan yoki o‘ziga kerakli ma’lumotni olishdan cho‘chimaslikni o‘rganadi.

• DIR-konsepsiyasi bolalar bilan shunday munosabatlarni oʻrnatishga imkon beradi, bu munosabatlar bolaning barcha ehtiyojlarini toʻliq qondirib, uning hayotidan qoʻrquv, ishonchsizlik va atrofdagi dunyo bilan muloqotda yoki turli yoshdagi odamlar bilan muloqot qilishda yuzaga keladigan boshqa noxush his-tuygʻularni yoʻqotadi.

• Emotsional darajadagi korreksiya bolaga o‘z his-tuyg‘ularini aniqlashga yordam beradi. Mutaxassis chuqur darajada ASB bilan og‘rigan bolani o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilishga va shu paytda atrofdagilarga do‘stona munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi. Barcha vaziyatlar bola uchun qulay tarzda, hech qanday og‘ir yuksiz ishlab chiqiladi, bu deyarli barcha kichkintoylarda autizmning asosiy ko‘rinishlaridan xalos bo‘lishga yordam beradi.

• Sensorli integratsiya bolaga sezgi a’zolaridan oladigan axborotga iloji boricha aniq va qo‘rqmasdan javob berish imkonini beradi. Bunda metodika olingan axborotni saralashni va ayni paytda umuman muhim bo‘lmagan narsalarga e’tibor bermaslikni o‘rgatadi.

Ammo, agar bola og‘zaki ko‘rsatmalarni bajarishdan bosh tortsa, xulq-atvorida muammolar bo‘lsa, bu tanlangan usullarni joriy etishni boshlashga imkon bermaydi, o‘rganish tezligi maksimal darajada past bo‘lsa, unda nutq va ijtimoiy muloqot ko‘nikmalari butunlay yo‘q bo‘lsa, hatto muntazam mashg‘ulotlar ham natija bermaydi.

Prognoz va profilaktika

Tashxis buzilishning turi, belgilari, bola bilan korreksion ishlarni qachon boshlanishiga bogʻliq. Unga kech tashxis qo‘yilsa va u davolanmasa, ko‘pincha o‘smirlik davriga kelib nogironlik shakllanishiga sabab boʻladi, keyinchalik esa odamning umumiy ahvoli faqat yomonlashib boradi.

Shuni unutmangki, vaqtida boshlanadigan va bir necha yil mobaynida davom etadigan korreksiya, shuningdek, individual tarzda tanlangan terapiya ham baʻzi simptomlarni toʻliq yoʻqotishga yordam bermaydi. Shuning uchun rivojlanishdagi buzilish inson bilan butun umr davomida qoladi.

Bolalarda autizm nima sababdan paydo bo‘lishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligi sababli uning birlamchi profilaktikasi juda qiyin. Ikkilamchi profilaktika uchun iloji boricha tezroq shifokorga, pediatrga, nevrologga yoki psixiatrga ahvolni aniqlash, tashxis qo‘yish va korreksion davo o‘tkazish uchun murojaat qilish kerak.